qarashlar
“Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati xarid komissiyasi a’zolari tender o‘tkazishda qonun talablarining qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ydi. “Daryo” muxbiri xarid ma’lumotlari bilan tanishish jarayonida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganiga e’tibor qaratdi.
“Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati 2025-yilda ishlab chiqarish ehtiyoji uchun siqilgan gazda harakatlanuvchi avtotransport vositalarida yuk tashish uchun boshlang‘ich qiymati 10 milliard 862 million so‘mlik tender o‘tkazdi. Eng yaxshi taklifni tanlab olish bo‘yicha o‘tkazilgan savdo 2024-yilning 18-dekabridan 2025-yilning 8-yanvarigacha davom etdi.
Lotni yutish uchun faqat bitta Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Romitantrans” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishtirok etgan.
Eng past narx usuli tarzida o‘tkazilgan tenderda “Romitantrans” tomonidan boshlang‘ich narxdan salkam 10 million so‘m past narx - 10 milliard 852 million so‘m taklif qilingan.
Rasmiylashtirilgan bayonnomaga ko‘ra, yetti nafardan iborat komissiya a’zolarining roziligi bilan yagona ishtirokchi hisoblangan “Romitantrans” MCHJ lotni yutib olgan. Komissiya a’zolarining bir nafari ovoz bermagan, yana bir nafari esa betarafligini bildirgan.
Komissiya raisi hisoblangan jamiyatning Moliya va iqtisod bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Uyg‘un Isayev esa “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga mos kelmasligini bildirib, qarshi ovoz bergan. Shunday bo‘lsa-da, a’zolarning yarmidan ko‘pi rozilik bildirgani bois bayonnoma shakllantirib, g‘olib aniqlangan.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 68-moddasiga muvofiq tenderda bitta ishtirokchi ishtirok etganligi bois xarid komissiyasi tenderni o‘tkazilmagan deb topishi, ayni o‘sha shartlarda o‘sha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart edi.
Afsuski, komissiya a’zolari tomonidan tenderni bekor qilish o‘rniga qonunga zid harakat qilinib, ovozlar berilgan.
Komissiya a’zolari qonunchilikdan bexabarmi?
Ularning ishtirokchi bilan qandaydir aloqasi bormi?
Mas’ullardan ushbu shubhali tender natijasiga e’tibor qaratib, noqonuniy holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘raymiz.
Avvalroq, “Xalq banki” Surxondaryo viloyati Boysun, Uzun, Muzrabot va Oltinsoy tumanlarida joylashgan bank binolarini ta’mirlash bo‘yicha tenderlar o‘tkazgani, ularda aka-ukalarga tegishli qurilish kompaniyalari raqobatlashgani haqida xabar berilgan edi.
Comments
0 comment