qarashlar
Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2023-yilning noyabr oyida Chinoz tumanida joylashgan Respublika qizlar o‘quv-tarbiya muassasasida kompleks o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
O‘shanda, bir necha holatlardan kelib chiqqan holda (aynan qanday holatlar o‘rganishga sabab bo‘lgani aytilmagan — tahririyat), muassasaga qizlarni qabul qilish jarayoni vaqtincha to‘xtatib turilishi aytilgandi.
Muassasada 30-oktyabrdan o‘rganish ishlari boshlab yuborildi. Kompleks o‘rganishlar natijasi xulosasi bo‘yicha yaqin vaqt ichida (oradan 4 oy vaqt o‘tdi — tahririyat) ma’lumot taqdim etiladi.
Ushbu o‘rganishlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosarining bevosita nazorati ostida o‘tkazilmoqda, — deya izoh bergan edi agentlik axborot xizmati.
O‘rganish ishlari boshlanganiga 4 oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha biror izoh berilgani yo‘q. Muassasadagi qizlarning kelgusi taqdiri nima bo‘lgani, o‘rganishga aynan qanday omillar sabab bo‘lgani va bunga javobgar bo‘lgan shaxslarga qanday chora ko‘rilgani mavhumligicha qolmoqda. U yerdagi ishchilarning mehnat huquqlari qay darajada ta’minlangani yuzasidan ham savollar ochiq.
“Daryo” nashriga kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra, muassasa yopilgan va qizlar o‘zga oilalarga qaytarilgan yoki boshqa oilalarga biriktirib berilgan.
O‘ylaymizki, mas’ul idoralar mazkur masala yuzasidan tez orada jamoatchilikka aniq ma’lumot taqdim etadi. Nashrning so‘rovlariga o‘z vaqtida javob bermagan va ommaga hodisa tafsilotlarini ochiqlamay kelayotgan axborot xizmati mas’ul xodimlarining xatti-harakatlariga qonunda belgilangan tartibda baho berilishini so‘rab qolamiz .
“Daryo” nashri voqealar rivojini kuzatib boradi.
Maʼlumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 1-iyundagi farmoniga asosan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan.
Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Comments
0 comment